top of page
Apple’da yangi davr: Tim Cook 15 yildan so‘ng CEO lavozimini John Ternusga topshirdi

Apple’da yangi davr: Tim Cook 15 yildan so‘ng CEO lavozimini John Ternusga topshirdi

07/09/26, 18:28

1/3 Bitcoin
Ulashish:

Apple’da 15 yildan so‘ng rahbariyat almashdi. Tim Cook bosh ijrochi direktor (CEO) lavozimini tark etdi va uning o‘rnini kompaniyada 25 yildan buyon faoliyat yuritib kelayotgan John Ternus egalladi. O‘zgarish 2026-yil 1-sentyabrdan rasman kuchga kirdi.



Tim Cook 2011-yilda Apple asoschisi Steve Jobs o‘rniga kompaniya bosh ijrochi direktori etib tayinlangan edi. U 15 yil davomida dunyoning eng yirik texnologik kompaniyalaridan biriga rahbarlik qildi.


2026-yil 1-sentyabrdan boshlab esa Apple boshqaruvi John Ternus qo‘liga o‘tdi. Ternus kompaniyaga 2001-yilda qo‘shilgan va yangi lavozimga tayinlanishidan avval Apple’ning Hardware Engineering bo‘yicha katta vitse-prezidenti sifatida faoliyat yuritgan.

Tim Cook esa Apple’ni butunlay tark etmadi. U kompaniya direktorlar kengashining ijrochi raisi — Executive Chairman lavozimiga o‘tdi.


Tim Cook davrida Apple qanday o‘zgardi?

Cook Apple boshqaruvini qabul qilgan paytda kompaniyaning bozor qiymati qariyb $350 mlrd edi. Uning rahbarligi yakuniga kelib esa Apple kapitalizatsiyasi taxminan $4,5 trln darajasiga yetdi.


Shuningdek, kompaniyaning yillik savdo hajmi Cook boshqaruvining boshidagi qariyb $108 mlrddan $416 mlrdgacha oshdi.

Cook davrida Apple faqat iPhone, Mac va iPad kabi qurilmalar ishlab chiqaruvchi kompaniya bo‘lib qolmay, xizmatlar biznesini ham keskin kengaytirdi. App Store, iCloud, Apple Music, Apple TV+, Apple Pay va boshqa servislar kompaniyaning muhim daromad manbalariga aylandi.


John Ternus kim?

John Ternus Apple’da 2001-yildan buyon ishlaydi. U kompaniyaning apparat mahsulotlarini ishlab chiqish jarayonlarida uzoq yillar davomida muhim rol o‘ynagan.

Ternus 2013-yilda Hardware Engineering bo‘yicha vitse-prezident, 2021-yilda esa katta vitse-prezident lavozimiga ko‘tarilgan.

Endilikda uning oldida Apple’ni sun’iy intellekt davrida rivojlantirish, kompaniyaning global ta’minot zanjirini boshqarish va yangi avlod mahsulotlarini bozorga olib chiqish kabi muhim vazifalar turibdi.


Apple tarixidagi rahbarlar

Apple 1976-yilda Steve Jobs, Steve Wozniak va Ronald Wayne tomonidan tashkil etilgan. Jobs va Wozniak kompaniya asoschilari bo‘lsa-da, quyidagi ro‘yxatda Apple’ni turli davrlarda boshqargan rahbarlar keltirilgan:

— 1977–1981: Michael Scott

— 1981–1983: Mike Markkula

— 1983–1993: John Sculley

— 1993–1996: Michael Spindler

— 1996–1997: Gil Amelio

— 1997–2011: Steve Jobs

— 2011–2026: Tim Cook

— 2026-yildan: John Ternus


Shu tariqa, John Ternus Apple tarixidagi navbatdagi CEO sifatida kompaniya boshqaruvini qabul qildi. Tim Cook esa 15 yillik CEOlik faoliyatidan keyin Apple’dagi faoliyatini direktorlar kengashi ijrochi raisi sifatida davom ettirmoqda.

Maqolani ulashing:

O'xshash yangiliklar

Nvidia kompaniyasining sof foydasi kelgusi uch yil davomida jami $595 mlrdga yetishi kutilmoqda. Kompaniya oxirgi 12 oyning o‘zida $197,6 mlrd sof foyda qayd etgan.

Nvidia kelgusi uch yilda $595 mlrd sof foyda olishi kutilmoqda

07/09/26

1964-yildan buyon AQShning S&P 500 fond indeksi 10 084% ga o‘sdi. Shu davr mobaynida AQShdagi nominal ish haqi o‘sishi esa 1 196% atrofida bo‘lgan. Raqamlar uzoq muddatda aktivlarga egalik qilish va faqat mehnat daromadiga tayanish o‘rtasidagi katta tafovutni ko‘rsatadi.

S&P 500 60 yilda 10 000% dan ko‘proq o‘sdi: ish haqi esa ancha sekin oshgan

07/09/26

2026-yilning yanvar–iyul oylarida O‘zbekistonning tabiiy gaz importi $1,1 mlrdga yetdi. Shu davrda gaz eksporti esa $279,7 mlnni tashkil etdi. Natijada import qiymati eksportdan qariyb 4 barobar yuqori bo‘ldi.

O‘zbekistonda gaz importi eksportdan qariyb 4 barobar oshdi

07/09/26

Google’ning bosh kompaniyasi Alphabet daromadi 2017-yildagi $110,8 mlrd darajadan 2025-yilda $402,8 mlrdgacha yetdi. 

Google daromadi 8 yil ichida qariyb 4 barobar oshdi

07/09/26

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ 2026-yilning birinchi yarim yilligini sezilarli moliyaviy o‘sish bilan yakunladi. Kompaniyaning sof foydasi 1 trln so‘mga yetib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 53 foizga oshdi.

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJning sof foydasi 1 trln so‘mga yetdi

07/09/26

Dividendlarning umumiy hajmi qariyb 31,89 mlrd so‘mni tashkil etadi.

“O‘zbekinvest” aksiyadorlari kompaniyaning 2025-yildagi sof foydasining 58,2 foizini dividend sifatida taqsimlashga qaror qildi

25/08/26

bottom of page